Lamborghinining birinchi elektromobili Bugatti Tourbillondan kuchliroq bo‘ladi
14.03.2025 / 08:33Elektromobilning taxminiy narxi — $300 ming bo'ladi.

Volkswagen Group bosh direktori Oliver Blyumning Autocar’ga bergan intervyusiga ko‘ra, Lamborghini'ning birinchi elektromobili ikki ming ot kuchigacha yetishi mumkin. Bu uni 1 800 ot kuchiga ega Bugatti Tourbillon va 1 914 ot kuchili Rimac Neveradan ham kuchliroq qiladi.
Mashina 980 voltli yangi elektr arxitekturaga ega bo‘ladi, bu Volkswagenning hozirgi 400 va 800 voltli tizimlaridan ancha samarali. Bu texnologiya energiya sarfini kamaytirish bilan birga kuchliroq quvvat olish va rekuperatsiya tizimini yaxshiroq ishlashiga yordam beradi.
2023-yilda taqdim etilgan Lanzador konseptida ikkita elektromotor bo‘lib, 1 341 ot kuchini taqdim etgan edi. Yangi versiyada qo‘shimcha motorlar qo‘shilishi mumkin.
Elektromobilning taqdimoti 2029-yilda bo‘lib o‘tadi. Taxminiy narxi — $300 ming bo'ladi.